Spot 2021-yil 1-sentyabrdan biznes va iqtisodiyotning turli sohalarida kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi. Mazkur eslatmadan ish haqi va nafaqalarning oshirilishi, haydovchilardan talab qilinadigan bir qancha hujjatlarning bekor qilinishi, shuningdek, “E-auksion” va eksportga oid xabarlar oʻrin olgan.
Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshiriladi
Prezident farmoni bilan 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekistonda minimal pensiya va nafaqalar miqdori oshiriladi.
Farmonga koʻra:
- mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori — oyiga 822 ming soʻm;
- bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 270 ming soʻm;
- pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 289 ming soʻm;
- yoshga doir eng kam pensiyalar — oyiga 565 ming soʻm;
- bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa — oyiga 622 ming soʻm;
- zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 440 ming soʻm;
- ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi pensiyalarning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda — oyiga 440 ming soʻm;
- belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 623 ming soʻmgacha, pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik boʻyicha pensiyalari miqdori — oyiga 623 ming soʻm etib belgilandi.
Haydovchilardan bir qator hujjatlarni talab qilish tartibi bekor qilinadi
Hukumat qarori bilan haydovchilardan avtomototransport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan), texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma elektron shaklga oʻtkazish orqali mazkur hujjatlarni avtomototransport vositasi haydovchisidan talab etish tartibi bekor qilinadi.
Yakka tartibdagi taksichilar oʻz faoliyatini faqat agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi
Prezident qaroriga koʻra, yakka tartibdagi taksichilar oʻz faoliyatini faqatgina agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi.
Agregatorlar xizmatidan foydalanish uchun yuridik shaxslarga tegishli yoʻnalishsiz taksi yoki yakka tartibdagi taksi litsenziyasiga ega boʻlish, maxsus tekshiruv punktlarida oylik tibbiy koʻrikdan oʻtish, 6 oyda kamida 1 marta texnik koʻrikdan oʻtish kabi shartlarni bajarish lozim boʻladi.
Xorijga ishlashga ketayotgan fuqarolarning xorijiy til imtihoni, yoʻl chiptasi va “ishchi viza"ni rasmiylashtirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi
Prezident qaroriga asosan 2021-yil 1-sentyabrdan 2022-yil 1-sentyabrga qadar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan, kasb-hunar yoki xorijiy tillarga oʻqigan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:
- xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda — BHMning 3 baravarigacha miqdorda;
- yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 2 baravarigacha miqdorda;
- rivojlangan davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza"ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 5 baravarigacha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi.
Gul eksport qiladigan tadbirkorlar xarajatlarining yarmi qoplab beriladi
Prezident qaroriga koʻra, 2021−2024-yillarda yillik eksport tushumida gul eksportidan tushum ulushi kamida 30% ni va $100 mingdan koʻpni tashkil qiladigan tadbirkorlik subyektlarining xomashyo (gul koʻchatlari, urugʻlari, piyozlari va payvandtaglari) importi uchun sarflangan transport xarajatlarining 50%i Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.
Jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari koʻchma texnik nazorat liniyalarida majburiy texnik koʻrikdan oʻtkaziladi
Hukumat qaroriga koʻra, jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan M1 toifadagi avtotransport vositalarini tadbirkorlik subyektlari tomonidan majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalaniladi.
Shuningdek, xorijiy davlatlarga chiqadigan transport vositalaridan tashqari barcha transport vositalariga texnik koʻrikdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi.
Davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birjada sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron auksion tartibida amalga oshiriladi
Prezident qaroriga koʻra, monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshiriladi.
Masofaviy taʼlim beruvchi NTMlarga binoga ega boʻlish talabi bekor qilinadi
Prezident qaroriga koʻra, masofaviy (onlayn) taʼlimga asoslangan nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida binolarning mavjud boʻlishi haqida talab bekor qilinadi.
Davlat tashkilotlariga ishga qabul qilishdagi tanlov jarayonlarini Internetda jonli kuzatish mumkin boʻladi
Prezident qarori bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50% dan yuqori tashkilotlarda (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida oʻtkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmogʻi orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslardan obyektlarni “E-auksion” platformasida auksionga chiqarganlik uchun yigʻim olinmaydi
Prezident qarori bilan “E-auksion” savdo platformasidagi elektron onlayn-auksionlar tartib-taomillarining yagona tartibi joriy etildi. Unga koʻra, ishtirokchilarga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo kaliti sertifikati bepul taqdim qilinadi hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan obyektlarni auksionga chiqarish uchun toʻlanadigan yigʻim bekor qilinadi.
Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi natijalarga erishgan maktablarni ragʻbatlantirish maqsadida Prezident sovrini ta’sis etiladi.
Bunda, sovrin uchun musobaqalar umumta’lim maktablari oʻrtasida quyidagi uch bosqichdatashkil etilgan holda:
- birinchi bosqich — tuman va shaharlarda oʻtkazilib, gʻoliblar 100 mln soʻmgacha;
- ikkinchi bosqich — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkazilib, gʻoliblar 250 mln soʻmgacha;
- uchinchi bosqich — respublika miqyosida oʻtkazilib, gʻoliblar 500 mln soʻmgacha pul mablagʻlari bilan mukofotlanadi.
Sayohat qilish uchun maxsus ilovadan foydalanish majburiy bo’ladi
Rossiyaga Ozarbayjon, Moldova, Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston hududlaridan kelganlar uchun “Путешествую без COVID-19” ilovasidan foydalanish majburiy boʻladi.
Ilovaning vazifasi koronavirus pandemiyasi sharoitida fuqarolarning mamlakatlar oʻrtasida erkin va xavfsiz harakatlanishini taʼminlashdan iborat.
Raqamli yechim kasallik tarqalish xavfini kamaytiradi va davlatlararo darajada ishonchli boshqaruv tizimini taʼminlaydi.
Talabalarga imtiyozli kreditlar taqdim etish boshlanadi
- talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi (14 foiz) miqdorida imtiyozli ta’lim kreditlarini berish joriy etiladi;
- ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati bosqichma-bosqich respublikaning nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilmiy kengashlariga oʻtkaziladi;
- Yoshlar biznes maktabi, 2022-yildan boshlab barcha hududlarda uning filiallari tashkil etiladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalari yer va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
- 2021-yil 31-dekabrgacha umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to‘lashdan ozod qilinadi;
- 2023-yil 1-sentyabrgacha turistik (mehmonxona) yig‘imini hisoblash va to‘lash to‘xtatiladi.