Prezident tomonidan 21.08.2021 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida"gi PF-6280-son Farmon imzolandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Hujjat Prezidentning PF-6207-son Farmoni, PQ-5031-son va PQ-5073-son qarorlariga muvofiq qabul qilingan.

Birinchidan, Kapital bozorini rivojlantirish agentligining tugatilganligi va Moliya vazirligiga tugatilgan Agentlikning vazifalari, funksiyalari va vakolatlari oʻtkazilganligi munosabati bilan bir qator hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritildi.

Ikkinchidan, shuningdek Moliya vazirligi va uning boʻlinmalarining ustuvor vazifalari va yoʻnalishlari roʻyхati toʻldirildi. Jumladan, boshqalar qatorida, Moliya vazirligi va uning boʻlinmalari qimmatli qogʻozlar bozori, bukmekerlik va lotereyalarni tashkil etish faoliyatini tartibga solish, shuningdek, korporativ boshqaruvni rivojlantirishni amalga oshiradi. Shuningdek Moliya vazirligining qimmatli qogʻozlar bozori sohasida funksiyalari belgilandi.

Uchinchidan, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan iste’mol etil spirtini Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan taqsimlangan hajmlardan ortiqcha hajmda хarid qilinadigan taqdirda Agentlikni хabardor qilish tartibi chiqarib tashlandi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.08.2021 yildan kuchga kirdi.