Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasini yil yakuniga qadar yer va mulk soligʻidan ozod qilinishi maʼlum boʻlgandi.
25-avgust kuni Prezident bu haqdagi qarorga imzo chekdi.
Qarorga koʻra, koronavirus pandemiyasi davrida umumiy ovqatlanish va turizm sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021-yil 1-sentyabrdan:
- 2021-yil 31-dekabrgacha umumiy ovqatlanish korxonalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilinadi;
- 2023-yil 1-sentyabrgacha turistik (mehmonxona) yigʻimini hisoblash va toʻlash toʻxtatiladi.
Bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalari mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza yubormasdan turib, soliq organlarini xabardor qilgan holda tegishli soliq va yigʻimlar boʻyicha 2021-yil 15-avgust holatiga koʻra mavjud qarzdorlikni, shuningdek, barcha soliqlar boʻyicha jarima va penyalarni 2022-yil 1-yanvardan 1-iyulga qadar foizlarni undirmasdan teng miqdorlarda kechiktirib (boʻlib-boʻlib) toʻlashi mumkin boʻladi.