“Minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish toʻgʻrisida"gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga koʻra, minimal isteʼmol xarajatlari koʻrsatkichidan kambagʻallik mezoni (yoki chegarasi) sifatida foydalaniladi.

2022-yildan boshlab, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali oilani kam taʼminlangan deb eʼtirof etish jarayonida qoʻllanadigan va jon boshiga toʻgʻri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal isteʼmol xarajatlariga tenglashtiriladi.

Har yili avgust oyigacha minimal isteʼmol xarajatlari qiymatining prognoz parametrlari inflyatsiya kutilmalaridan kelib chiqib hisoblanadi.

Minimal isteʼmol xarajatlari tarkibi kamida har 5 yilda qayta koʻrib chiqiladi.

Qaror bilan aholining minimal isteʼmol xarajatlari qiymati va kambagʻallik chegarasini hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Maʼlumot uchun, joriy yilning 31-mayida minimal isteʼmol xarajatlari 440 ming soʻm etib belgilangandi. Bu qiymat ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga moddiy koʻmak berishda muhim ahamiyatga egaligi taʼkidlangandi.