Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamenti xodimlari bilan hamkorlikda Xovos tumani hududida kripto-aktiv qurilmalaridan (“Mayning"-ferma) noqonuniy foydalanish holatini aniqlash borasida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Tezkor tadbir davomida, Xovos tumanida yashovchi E.D.ning yashash xonadoni yordamchi xoʻjalik binolari koʻzdan kechirilganida, Oʻzbekiston fuqarosi X.I. kompyuter ehtiyot qismlaridan (videokarta, blok pitaniya, xotira kartasi, plata) qoʻlbola usulda yasalgan, katta hajmdagi kripto-aktiv qurilmalaridan litsenziyasiz noqonuniy ravishda shugʻullanib kelayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida ushbu holat yuzasidan tuman elektr tarmoqlari korxonasidan mutaxassis ishtirokida elektr energiyasidan foydalanish holati oʻrganilganda, qonunga xilof ravishda 265,2 mln. soʻm miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan.
Belgilangan tartibda mutaxassislar tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda ushbu tezkor tadbir davomida fuqaro E.D. va X.I.lardan 11 turdan iborat, jami 3529 dona, taxminiy qiymati 9,2 mlrd. soʻmlik kompyuter qurilmalari va boshqa turdagi tovar-moddiy boyliklari ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlovga olingan.
Ushbu holat yuzasidan olib borilgan dastlabki tekshiruv va surishtiruv natijasida bunday noqonuniy faoliyatni Koreya davlati fuqarosi S. Y. va Oʻzbekiston fuqarosi X.I.lar oʻzaro oldidan til biriktirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari” toʻgʻrisidagi qaror talablarini zid ravishda buzib faoliyat olib borayotganligi ma’lum boʻldi.
Mazkur holat yuzasidan bugungi kunda bojxona organlari tomonidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.