Instagram o’smirlarning ilovadan foydalanishdagi xavfsizligini ta’minlash yuzasidan akkauntlarga tug’ilgan sanasini kiritishni majbur qiladi. Bu haqda RBC nashri xabar berdi.


O’zgarishlar faqat tug’ilgan sanasini ilgari ko’rsatmaganlarga ta’sir qiladi. Ilovani ochganda, ularga bu ma’lumotni taqdim etishlari eslatiladi. Agar bir nechta eslatmalardan so’ng, foydalanuvchi sanani ko’rsatmasa, u Instagramdan foydalana olmaydi.

“Bu ma’lumot biz yoshlarni himoya qilish uchun ishlab chiqayotgan yangi xususiyatlar uchun zarur”, — deb tushuntirdi Facebook.

Kompaniya, shuningdek, foydalanuvchilardan ba’zi nozik xabarlarni ko’rish uchun yoshlarini ko’rsatishni so’raydi.

Facebook eslatib o’tadiki, hozirda bunday xabarlar ogohlantirish bilan birga keladi, lekin hozircha ularni ko’rish uchun yoshni tasdiqlashning hojati yo’q. Kompaniya o’zgarishlar qachon kuchga kirishi haqida aniq xabar bermagan.