O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi muassisligidagi Renessans TV telekanali joriy yilning aprel oyida bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida ishlab chiqilgan “Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh” media dasturi doirasida tashkil etilmoqda.
Renessans TV telekanali bugun, 1-sentyabrdan test rejimida o‘z efirini boshlaydi. Hozircha respublikamizning 70 foiz hududini qamrab olishi ko‘zda tutilgan telekanal keyinchalik bosichma-bosqich butun yurtimiz bo‘ylab o‘z media-mahsulotlarini taqdim etadi.
“Ayni paytda assotsiatsiyamiga a’zo bo‘lgan 48 teleradiokanalning 13 tasini hududlardagi nodavlat telekanallar tashkil etadi”, — deydi assotsiatsiya direktori o‘rinbosari R.Jabborov.
Hududiy nodavlat telekanallarning aksariyati sifatli, litsenziyalangan media-mahsulotlarni sotib olish imkoniyatiga ega emas.
Renessans TV esa, O‘zbekiston kinematografiya agentligi, xususiy kinostudiyalar, tegishli tashkilotlar bilan shartnoma asosida turli media-mahsulotlar, filmlar va seriallarni mazkur televizion tarmoq orqali tomoshabinlarga taqdim etadi.
Shuningdek, jamiyatimizdagi dolzarb masalalarning yetakchi ekspertlar, tegishli mutasaddilar, taniqli jurnalist va blogerlar ishtirokidagi muhokamasiga bag‘ishlangan turli formatdagi ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi.
Hozirda telekanalning ijodiy va texnik guruhlari shakllantirilgan, efirga tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.
Test rejimida telekanal xodimlari o‘zbek kinosining nodir durdonalari hamda so‘nggi yillarda yaratilgan badiiy va hujjatli filmlar, mumtoz va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar, taniqli san’atkorlarning konsert dasturlarini tomoshabinlar e’tiboriga havola etadi.