“Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘rtasida ta’lim jarayoni hamda tarmoq tashkilotlari bilan ishlab chiqarish amaliyoti uzviyligini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan:

  • oliy ta’lim muassasalari huzurida 24 ta texnikum tashkil etiladi;
  • turdosh OTM hamda asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tarmoq tashkilotlariga 213 ta texnikum biriktiriladi;
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi Jizzax xizmat ko‘rsatish va servis texnikumi tugatilib, uning barcha mol-mulki TATU huzuridagi Jizzax axborot texnologiyalari texnikumiga o‘tkaziladi;
  • texnikumlar va akademik litseylarda malaka talablari, o‘quv reja va dasturlar, o‘quv-me'yoriy hujjatlar tayanch OTM tomonidan ishlab chiqiladi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
  • OTMlar o‘zlariga biriktirilgan texnikumlarni o‘quv-metodik hujjatlar bilan ta’minlaydi.

Shuningdek, qarorga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan quyidagilarni amalga oshirish nazarda tutilgan:

  • texnikumlarga qabul parametrlarini shakllantirishda qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, xizmat ko‘rsatish va axborot texnologiyalari kabi sohalarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlashning davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich ko‘paytirish;
  • OTMga o‘qishga kirmagan maktablarning 11-sinf bitiruvchilarini texnikumlar va kollejlarda birinchi kasb yoki mutaxassisliklar bo‘yicha bepul o‘qitish.