Moliya vazirligi 2021-yilning 1-yarim yilligi uchun tashqi qarz holati va dinamikasi haqida maʼlumot berdi (pdf).

Davlat qarzi qoldigʻi joriy yil boshiga nisbatan $858,6 mln yoki 3,7% ga oshib, 2021-yilning 1-iyul holatiga $24,2 mlrd yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 38,5% ni tashkil etdi.

1-iyul holatiga:

  • davlat tashqi qarzi qoldigʻi $21,8 mlrd yoki YaIMga nisbatan 34,7% ni;
  • davlat ichki qarzi qoldigʻi $2,4 mlrd yoki YaIMga nisbatan 3,8% ni tashkil etdi.

Davlat ichki qarzi qoldigʻi tarkibida davlat qimmatli qogʻozlari, davlat tomonidan kafolatlangan ichki qarz hamda davlat byudjetidan qaytariladigan ichki majburiyatlar qoldigʻi aks ettirilgan.


Izohlanishicha, joriy yilning birinchi yarim yilligida davlat qarzi qoldigʻi $858,6 mln ga oshishi Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va davlat kafolati ostida investitsiya loyihalarini va davlat byudjeti defitsitini moliyalashtirish uchun tashqi va ichki manbalardan jalb qilingan qarz mablagʻlarining oʻzlashtirilishi, qarz majburiyatlari boʻyicha asosiy qarzning soʻndirilishi hamda davlat qarzi portfeli tarkibidagi valyuta kurslaridagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq.

*Moliya vazirligi hisobotidan xususiy tashqi qarzlar boʻyicha axborotlar oʻrin olmagan. Bu boradagi maʼlumotlarni Markaziy bank eʼlon qilib keladi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $34 mlrd ga yetganligi haqida yozgan edi.