Prezident Shavkat Mirziyoyev biznes sohasiga imkoniyatlarni kengaytirish, soliq turlari va uning yukini kamaytirish boʻyicha, tizimli ishlarimizni izchil davom ettirilishini taʼkidladi.
“Yaxshi bilasizlar, 2020-yilda qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini 20% dan 15% ga tushirgan edik. Bu — 100 ming tadbirkor ixtiyorida 10 trln soʻm mablagʻ qoladi, degani. 2023-yildan boshlab, ushbu soliq stavkasini 15% dan 12% ga tushiramiz” , — dedi Prezident.
Taʼkidlanishicha, kelgusi yili korxonalarning mol-mulk soligʻi stavkasi 2% dan 1,5% ga kamaytiriladi va buning natijasida tadbirkorlar ixtiyorida yiliga 500 mlrd soʻm mablagʻ qoladi.
Bundan tashqari, 2023-yildan yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini birlashtirib, yagona koʻchmas mulk soligʻi joriy qilinadi.
Prezidentning qoʻshimcha qilishicha, hozirgi vaqtda bank, moliya, telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yoʻnalishlarida foyda soligʻi stavkasi har xil boʻlib, ular amaldagi 20% dan 15% ga tushiriladi va barcha tadbirkorlar uchun bir xil boʻladi.