Oʻzbekistonda birja investitsion fondlari (ETF), shu jumladan oltin uchun ham ETF lar paydo boʻladi.
Bu haqda kapital bozoriga bagʻishlangan III Xalqaro obligatsiyalar konferensiyasida Moliya vaziri oʻrinbosari Odilbek Isoqov maʼlum qildi.
Isoqovning aytishicha, ipoteka obligatsiyalari, sukuk (obligatsiyalarning islomiy ekvivalenti) va inflyatsiya bilan bogʻliq obligatsiyalar chiqarish ham rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, internetda brokerlik hisoblarini ochish mumkin boʻladi hamda fond va valyuta birjalari oʻrtasida havola paydo boʻladi.
Moliya vazirining oʻrinbosari, shuningdek, Xalqaro qimmatli qogʻozlar komissiyalari tashkiloti tamoyillariga asoslangan “Kapital bozori toʻgʻrisida” yangi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini aytdi.
ETF nima
Exchange Traded Fund — bu aksiyalar fond birjasida sotiladigan investitsiya fondi. Uning kotirovkalari aksiyalar, tovar fyucherslari, valyutalar, obligatsiyalar va boshqa aktivlarni oʻz ichiga olishi mumkin boʻlgan portfel dinamikasiga mos keladi. ETFlar hatto AQShning S&P500 kabi yetakchi fond indekslarining strukturalarini nusxalashi mumkin.