Hokimiyat tepasiga “Tolibon” kelgandan keyin Kobul aeroportiga xalqaro tijorat reysini bajargan birinchi samolyot qoʻndi. Bu haqda AFP axborot agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Pokiston poytaxti Islomoboddan reysni Pakistan International Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot bajargan. Uning bortida bor-yoʻgʻi 10 kishi boʻlgan.
Kobulda Islomobodga qaytish reysini 100 ga yaqin kishi, asosan Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar xodimlarining yaqinlari kutgan.
Oʻtgan hafta Qatar Airways aviakompaniyasi Kobuldan bir nechta charter reysni amalga oshirgandi. Ular bortida asosan xorijliklar va mamlakatdan evakuatsiya qilinmay qolgan afgʻonlar boʻlgan.
Avvalroq bir nechta aviakompaniya maqbul sharoitlar yaratilsa, Kobul aeroportiga parvozlarni amalga oshirish istagini bildirgandi.