Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirish (tonirovka)ga ruxsatnoma berish xizmati joriy etildi.
Maʼlum qilinishicha, endilikda avtotransport oynalari “tonirovka” qilish uchun ruxsatnomani onlayn olishdan tashqari, 10% chegirma ham beriladi. Jumladan, “tonirovka"ning narxi orqa yon oynalar uchun 135 ming soʻm (yuridik shaxslar uchun 270 ming soʻm), old va orqa yon oynalar uchun esa 1 million 300 ming soʻmga arzonlashdi.
Yagona portalda, shuningdek, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish imkoniyati ham yaratilgan.
“Xizmatga toʻlov amalga oshirilgach, uzogʻi 2 soat ichida Yagona portaldagi shaxsiy kabinetingizga elektron koʻrinishdagi QR-kodli sertifikat, yaʼni ruxsatnomangiz kelib tushadi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, oynalarni tusini oʻzgartirishga berilgan ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish (avtotransport vositasining mulkdori, davlat raqam belgisi oʻzgargan taqdirda) elektron davlat xizmati joriy yilning 1-oktyabr kunidan ishga tushirilishi rejalashtirilgan.