“Tadbirkorlik subyektlari uchun maʼmuriy va soliq yukini yana-da kamaytirish, biznesning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2021-yil 1-oktyabrdan quyidagilar bekor qilinadi:
- qatʼiy belgilangan miqdordagi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan YATT tomonidan soliq organlariga soliq hisobotini topshirish majburiyati;
- alohida tayyor import isteʼmol tovarlarining bojxona deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan keyin 12 oy o‘tgach sotuvga qo‘yilishi hamda chakana savdoda realizatsiya qilinishiga qo‘yilgan taqiq.
2022-yil 1-yanvardan 2023-yil 1-yanvarga qadar respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi YATTga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga pasaytirilgan holda BHMning 50 foizi miqdorida belgilanadi.
2021-yil 1-oktyabrdan tegishli davlat organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining nazorat funksiyalari bekor qilinadi.
2022-yil 1-yanvardan:
- nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlar faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi;
- Savdo-sanoat palatasi aʼzosi bo‘lgan tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlar roziligi bilan Savdo-sanoat palatasi xodimlari ishtirok etadi;
- Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda yuritiladi;
- tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng amalga oshiriladi (soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno).
2022-yil 1-aprelgacha tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi maʼlumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushiriladi.
2022-yildan tadbirkorlarga maʼmuriy bosim darajasini aniqlash va yengillashtirish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan Tadbirkorlik faoliyati erkinligi indeksi joriy etiladi.
Mavzuga doir: Shavkat Mirziyoyev soliq sohasida yuz berishi kutilayotgan o’zgarishlarni sanab o’tdi. Eng muhimlari