2021- yil 16-sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha moliyaviy takliflarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng moliyaviy takliflar natijalari e’lon qilindi.
O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi shamol elektr stansiyasi 2 yil ichida ishga tushiriladi.
Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” va Fransiyaning “Voltalia” kompaniyalari shamol elektr stansiyasini qurish uchun o‘z texnik, tijoriy va moliyaviy takliflarini taqdim etdi.
“ACWA Power” kompaniyasi 1 kilovatt-soat uchun 2.5695 AQSH sent tarif taklifi bilan g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, “Masdar” kompaniyasi 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 2.6550 sent va “Voltalia” kompaniyasi 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 3.2790 sent taklif bergan.
Joriy yilning may oyida tomonlar shamol energetikasi loyihasini amalga oshirish to’g’risida bitim imzolagan edi.
Mazkur loyiha Qoraqalpog‘istonda 1500 MVt quvvatga ega shamol energetikasini loyihalashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishdan iborat bo‘lib, u foydalanishga topshirilgandan so‘ng Markaziy Osiyo mintaqasi va dunyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasiga aylanadi.
“ACWA Power” kompaniyasi shuningdek, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yil boshida tuzilgan umumiy ishlab chiqarish quvvati 1000 MVt bo‘lgan ikkita shamol energetikasi loyihasining investori hisoblanadi.