01
Gap nima haqida ketmoqda?
Aholining kundalik yurishini ragʻbatlantirish uchun 1hls.uz mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Dastur yordamida foydalanuvchilar oʻz qadamlarini, sarflangan kaloriyalarni kuzatishi va yurish uchun pul olishi mumkin.
02
“Qadamlar uchun pul” nima?
18 va undan katta yoshdagi fuqarolar, agar ular kuniga 10 ming yoki undan koʻp qadam yursa, elektron hamyoniga 3000 soʻm mablagʻ yigʻiladi.
Shu bilan birga, har oyda bir marta viloyat (shahar) miqyosida eng koʻp masofani bosib oʻtgan platforma foydalanuvchisiga — 300 ming soʻm, viloyatlar miqyosida esa 500 ming soʻm, Respublika miqyosida — 1 mln soʻmdan berilmoqda.
03
Ushbu pullar qaysi hisobdan olinadi?
Yurish uchun pullar alkogol va sigaret sotuvchilarining maxsus yigʻimlari hisobidan toʻlanadi. Bu haqda mana bu yerda batafsil yozilgan.
04
Bu ilovani qanday ishga tushirish kerak?
Eng avvalo, Android yoki iOS uchun 1hls.uz ilovasini yuklab olishingiz kerak.
Shuningdek, roʻyxatdan oʻtish uchun sizda OneID hisobi boʻlishi kerak. Agar ilgari tizimdan roʻyxatdan oʻtmagan boʻlsangiz, buni qanday qilish kerakligi haqida batafsil bu yerda tushuntirilgan.05
Keyin nima?
Roʻyxatdan oʻtgandan soʻng, siz oʻzingiz haqingizdagi maʼlumotni (boʻyingiz, vazningiz va yashash joyingiz) toʻldirishingiz va qadamlaringizni hisoblashi uchun ilovaga bu haqda ruxsat (доступ) berishingiz kerak.
06
Nima uchun yashash joyini kiritish kerak?
Tuman, viloyat va respublika miqyosida eng uzoq masofani bosib oʻtgan platforma foydalanuvchisi oyiga bir marta qoʻshimcha mukofot pulini oladi. (biroq manzilni koʻrsatib oʻtish majburiy emas).
Avvalroq Spot avgust oyida eng ko‘p piyoda yurganlarga qariyb 69 mln so‘m mukofot puli berilganligi haqida yozgan edi.
07
Dastur ishga tushdi, endi nima qilish kerak?
Qadamlarni sanashda dastur toʻliq ishlashi uchun siz qoʻshimcha dasturlar — IOS uchun Health, Android uchun esa Google Fit-oʻrnatishingiz kerak. Keyinchalik, siz ushbu ilovalar maʼlumotlaridan foydalanishga rozilik bildirishingiz lozim. Yuklangan Google Fit-ga kirish uchun siz Google hisobingizni koʻrsatsangiz boʻladi. Agar siz ilovaga ikki yoki undan ortiq hisob bilan kirsangiz, u muvaffaqiyatsiz boʻlishi mumkin.
08
Boʻldimi, endi ilovadan foydalanishim mumkinmi?
Ha. Yuqoridagi qatorlarni toʻldirgandan soʻng, platforma sizning maʼlumotlaringizni yigʻishni boshlaydi. Qurilma bosib oʻtgan masofani, kunduzgi qadamlarni, isteʼmol qilingan kilokaloriyalarni, koʻtarilgan qavatlar sonini, shuningdek, haftaning oʻrtacha qiymatini koʻrsatadi.
09
Qadam uchun qanday pul topish mumkin?
Juda oddiy. Har 10 ming qadam uchun summa avtomatik ravishda olinadi. Siz pulni elektron hamyonning oʻzida toʻplashingiz yoki bank kartasiga oʻtkazib olishingiz mumkin. Pul oʻtkazish uchun “Sozlamalar” boʻlimiga oʻtib va “Oʻtkazish” buyrugʻini tanlaysiz. Shundan keyin karta raqamini kiritib, oʻtkazma miqdorini koʻrsatasiz.
Hozircha qadamlar uchun pul faqat Android foydalanuvchilari hisobiga tushmoqda. IOS qurilmalarida ilovaning yangilangan versiyasida bu funksiya hali mavjud emas.
10
Hali ham savollarim qoldi. Qayerdan koʻproq maʼlumot olishim mumkin?
Bunday holda, “Sogʻlom turmush tarzi” platformasining veb-saytiga tashrif buyurishingizni tavsiya qilamiz. Savollar uchun +998 71 200−00−08 raqamiga qoʻngʻiroq qilsangiz ham boʻladi.