Hukumat qarori (596-son, 23.09.2021 y.) bilan Davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili:

  • 15-fevralgacha davlat boshqaruvidagi samarasiz hamda eksklyuziv funksiyalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazadi;
  • 20-martgacha aniqlangan samarasiz davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish imkoniyatini tahlil qiladi;
  • 20-maygacha xususiy sektorga o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘lgan davlat funksiyalarining iqtisodiy samaradorligini tahlil qiladi va xususiy sektorga o‘tkazilishi taklif etilayotgan davlat funksiyalarining yakuniy ro‘yxatini shakllantiradi;
  • 1-iyulgacha jamoatchilik muhokamasini o‘tkazib, davlat funksiyalariga o‘xshash bo‘lgan faoliyat tajribasiga ega xususiy sektor subyektlarining dastlabki ro‘yxatini shakllantiradi;
  • 1-avgustgacha xususiy sektorga o‘tkazish tavsiya etilgan davlat funksiyalari ro‘yxatini tuzadi va tegishli xulosalar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
  • 1-oktyabrgacha Hukumat tomonidan ma’qullangan davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqadi.

Shunga ko‘ra, Davlat funksiyalarining yagona reyestrini shakllantirish va yuritib borishga qaratilgan elektron maydoncha yaratiladi.

Davlat funksiyalari autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish hamda boshqa mexanizmlarni qo‘llagan holda xususiy sektorga o‘tkaziladi.