Gap nima haqida ketmoqda

Hafta boshida Ilon Mask Starlink sunʼiy yoʻldoshli internet loyihasi oktyabr oyida rasman ishga tushirilishini eʼlon qildi. Bu shuni anglatadiki, texnologiyaning beta-sinovi yakunlangan va endi bu xizmatning ishlashi uchun zarur boʻlgan uskunalar keng sotuvga chiqariladi.

Starlink geografiyasining kengayishi va koʻplab mamlakatlarda paydo boʻlishi kutilmoqda. Yaqin kelajakda Ilon Maskning interneti MDHda ham ishlay boshlaydi. Xususan, internetda SpaceX va hamdoʻstlik davlati vakillari bu borada muzokaralar olib borayotgani haqida yangiliklar urchib yuripti.

Spot sunʼiy yoʻldosh interneti nima ekanligi, Starlink va uning konsepsiya haqida maʼlumotlarni taqdim etadi. Shuningdek, maqolada bu loyiha hayotimizni qanday darajada oʻzgartira olishi haqidagi taxminlar keltirib oʻtiladi.

Sunʼiy yoʻldosh interneti qanday ishlaydi

Kosmik internet konsepsiyasi uchta obyekt oʻrtasida maʼlumot almashishga asoslangan: uy ichidagi terminal sunʼiy yoʻldosh bilan aloqa qiladi, u yer stansiyasiga maʼlumotlarni uzatadi, keyin signal qarama-qarshi tomonga oʻtadi.

Xususan, Starlink sunʼiy yoʻldoshlari Yer orbitasidagi yaqinroq hududda joylashadi — bu nisbatan signal kechikishini kamaytiradi. U maʼlum bir hududga oʻrnashmaydi, chunki u doimiy harakatda boʻladi. Yer terminallari osmonda yoʻldoshlarni ushlab, ufqda yoʻqolguncha ular bilan ishlaydi va keyin yangilarini qidiradi. Shuningdek, sayyora aylanish tezligida harakatlanadigan geostatsionar yoʻldoshlar ham bor, shuning uchun ular Yerdan harakatsiz koʻrinadi.


Sunʼiy yoʻldosh interneti rostdan ham kerakmi

Hozirgi maʼlumotlarga koʻra, sayyoradagi har oʻn kishidan toʻrttasi internetdan foydalanmaydi. Soʻnggi ikki yil ichida koronavirus pandemiyasi tufayli tarmoqqa kirish sekinlashdi. Dunyo aholisining katta qismi tezkor internetni tashkil etish imkoniyati boʻlmagan hududlarda yashaydi. Koʻp hollarda iqtisodiy sabablar yoki geografik joylashuvining yomonligi tufayli maʼlum bir hudud uchun internet infratuzilmasini yaratish juda qimmatga tushadi. Bunday holda, sunʼiy yoʻldoshdan yaxshiroq alternativ yoʻq.

Kompaniyalar uchun internetga doimiy kirish zarur. Masalan, Arktikaning iqtisodiy salohiyati nihoyatda yuqori, lekin Shimoliy qutbda optik tolali kabel yotqizish va uni doimiy saqlab turish mumkin emas. Tezkor internet davlat tashkilotlari — politsiya, tez yordam, qutqaruv xizmatlari, harbiy korxonalar uchun ham kerak. Biznesda ham tezlik juda muhim. Bir necha soniyalik signal kechikishi birja brokerlariga millionlab dollarga tushishi ham mumkin.

Umuman olganda “aqlli uylar” va shaharlar uchun tarmoqqa kirish juda muhim. Kelgusi oʻn yilliklarda, yangi avlod shaharlar paydo boʻlishi bilan, tarmoqdagi yuklama yuqori boʻladi va klassik simli internet bunga dosh berolmasligi mumkin.

Starlink ishlashi uchun minimal uskunalar yetarli

Simli internetning ishlashi uchun provayderdan keladigan kabel va maxsus tarmoq uskunalari — router yoki marshrutizator kerak boʻladi. Sunʼiy yoʻldosh internet konsepsiyasi juda murakkab, chunki u osmon jismlarining doimiy harakatini va ular orasidagi oʻzaro taʼsirni nazarda tutadi. Biroq foydalanuvchi signal va router qabul qilishi uchun faqat terminal yoki sunʼiy yoʻldosh antennaga ega boʻlishi kifoya. Tarmoqqa kirish optik tolalida boʻlgani kabi obuna orqali taʼminlanadi.

Bu borada Maskning raqobatchilari yetarlicha

Anʼanaviy internet-provayderlar sunʼiy yoʻldosh tizimlarining rivojlanishidan xavotirda. Biroq Starlink loyihasining benefitsiari Ilon Mask yoʻldoshli internet simli internet bilan raqobatlashmasligiga amin, uningcha, Starlink bu turdagi kamchilikni toʻldiradi. Hozir bozorda oʻz xizmatlarini faol ravishda taklif qilayotgan bir nechta yirik kompaniyalar bor. SpaceX Starlink-ni taqdim etayotgan boʻlsa, Facebook ham Athena loyihasi bilan unga raqobat qilmoqda. Bundan tashqari, Viasat, HughesNet va boshqalar loyihalar ham oʻz xizmatlarini taklif qilmoqda. Baʼzi kompaniyalar Starlink kabi oddiy isteʼmolchilar bilan ham shartnoma tuzsalar, OneWeb va Telesat kabi brendlar faqat korporativ sektorga yoʻnaltirilgan.

Sunʼiy yoʻldosh interneti dunyoni qay darajada oʻzgartiradi

Dunyo miqyosidagi qamrovning afzalliklari mutaxassislarni hayratda qoldirmoqda. Sunʼiy yoʻldosh interneti dunyoning istalgan nuqtasidan tarmoqqa tezda kirish imkonini beradi. Agar simli aloqa uchun qimmatbaho optik tolali kabelni tortib kelish talab etilsa, sunʼiy yoʻldosh internetining signalini qabul qilish uchun “tarelka” antenna oʻrnatsangiz kifoya. Kosmosdan keladigan internetning ishonchliligi yuqori — bitta sunʼiy yoʻldosh ishlamay qolganda, boshqalar uni oʻrnini toʻldiradi.


Ushbu turdagi ulanishning hozircha kutilayotgan kamchiligi — simli internetga nisbatan past tezlik va yuqori kechikishdir. Ehtimol, kelajakda bu muammolar sunʼiy yoʻldoshlar orasidagi lazer aloqasi va boshqa yangiliklar tufayli hal qilinar. Maʼlum boʻlishicha, Starlink aloqasining sifatiga nafaqat issiqlik, kuchli yomgʻir va qor, balki oddiy qushlar ham taʼsir koʻrsatishi mumkin ekan.

Kosmik internetning kamchiliklaridan biri uning yuqori narxidir. Masalan, HughesNet-ning obuna narxi oyiga $60 dan $150 gacha boradi, trafik esa 10−50 GB bilan cheklangan. Starlink obunasi esa oyiga $99 ni tashkil etadi, korporativ provayderlardan ulanish narxi hozircha maʼlum emas va u operatorga qarab oʻzgarishi mumkin.

Biroq raqobat tufayli katta oʻzgarishlar boʻlishi aniq. Sunʼiy yoʻldosh infratuzilmasining rivojlanishi va uning kuchayishi bilan, bu turdagi aloqa narxi simli internet narxidan pastlashiga sabab boʻladi. Bundan tashqari, hammasini kuzatib turgan simli tarmoq vakillari ham oʻz xizmatlarini arzonroqqa taklif qilishni boshlashadi.