Amazon gʻayrioddiy uy xizmatchisini taqdim etdi. Kompaniya yangilikni robototexnika, sunʼiy intellekt, uy xavfsizligi va bulutli xizmatlarning kvintessensiyasi deb hisoblaydi. Gap Roomba robot changyutgichi va Echo Show aqlli displeyining gibridiga oʻxshash Astro roboti haqida ketmoqda.
Amazon-ning taʼkidlashicha, Astro uy roboti odamlar undan kutganidan koʻp narsalarni qila oladi. U xonalar boʻylab harakatlanish va egasining buyruqlariga amal qilish uchun qavat rejasini tuzadi. Qurilma yuzlarni tanib olish va obyektlarni maʼlum bir kishiga yetkazish imkoniyatiga ega.
Astro har qanday smart Echo displeyi kabi musiqa chalishi, ob-havo maʼlumotlarini koʻrsatishi va savollarga javob berishi mumkin. Shuningdek, u video qoʻngʻiroqlarni amalga oshirishi mumkin. Uyda hech kim qolmaganda robot hamma narsani tartibda boʻlishiga ishonch hosil qilish uchun xonalarni aylanib chiqadi.
Astro robotida “qoʻllar” yoki boshqa shunga oʻxshash manipulyatorlar yoʻq, u pollarni yuvolmaydi, zinadan koʻtarilmaydi va uydan tashqariga chiqa olmaydi. Shunday qilib, siz undan tozalashni yoki doʻkonga borishni talab qila olmaysiz.
Robotning balandligi taxminan 61 sm, vazni esa 9 kg ga yetadi, uning gʻildiraklari diametri 30,5 sm ni tashkil qiladi, bu robotga pol va gilam boʻylab harakatlanishga imkon beradi, orqa tarafdagi bitta rolik esa muvozanatni saqlashga koʻmaklashadi.
Astro 1 m / s tezlikda harakatlana oladi va 360 gradusni istalgan tomonga bura oladi. Old panelda sensorlar toʻplami va video qoʻngʻiroqlar uchun 5 megapikselli kamera mavjud. Koʻpincha ekranda koʻzlarni taqlid qiladigan ikkita aylana koʻrsatiladi. Bu “koʻzlar” sizga Astro nima qilayotgani va qayerga borishni rejalashtirayotgani haqida xabar beradi.
Robot uyni xaritada koʻrish uchun sensorlardan foydalanadi. Uni smartfon orqali har bir xonadagi harakatini belgilash va sozlash mumkin. Amazon-ning taʼkidlashicha, ushbu kartalarni qayta ishlash va saqlash qurilmada lokal ravishda amalga oshiriladi.
Robotning old qismidagi datchiklar orasida ikki dyuymli karnaylar bor. Quyiroqda esa past chastotalarni yaxshiroq takrorlash uchun passiv rezonator mavjud. Robot 12 megapikselli periskopli kamera bilan jihozlangan, u 106 sm balandlikka koʻtarila oladi, orqa tomonda robotning 2 kg gacha yuk tashish imkonini beradigan kichik bagaj maydoni mavjud.
Bundan tashqari, bagaj maydoni smartfonlarni zaryadlash yoki robotga qoʻshimcha aksessuarlarni ulash imkonini beruvchi USB-C porti bilan jihozlangan.
Robot changyutgichga oʻxshash zaryadlash moslamasiga ega. Batareyani toʻliq zaryad qilish uchun taxminan 45 daqiqa vaqt ketadi. Shu quvvat bilan robot ikki soatgacha uzluksiz ishlashi mumkin.
Mazkur robotning narxi Amazon-da $999,99 ga koʻrsatilgan. Kompaniya kelgusida uning narxini biroz oshirmoqchi ekanligini maʼlum qilgan.