Energetika vazirligi tizimidagi O‘zbekiston neft va gaz sanoatining yetakchi kompaniyasi “O‘zbekneftgaz” AJ “O‘zbekiston: Iqtisodiy islohotlar sarhisobi va istiqboli” iqtisodiy forumida Yevropaning uchta yetakchi banki bilan moliyaviy hamkorlik bo‘yicha muhim shartnomalar imzolanganini e’lon qildi.
Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish investitsiya loyihasini moliyalashtirish to‘g‘risidagi hamkorlik shartnomalarining qiymati 1,1 mlrd. yevroga teng.
Shartnomalar “Deutsche Bank” bilan — 500 million yevroga, “Landesbank Baden-Wuerttemberg” bilan — 300 million yevroga, shuningdek “Bank Helaba” bilan ham — 300 million yevro qiymatga imzolandi.
Loyihaning umumiy qiymati 1,8 mlrd. AQSh dollarga teng bo‘lib, shundan 1,2 mlrd. AQSh dollari xorijiy banklar va moliya institutlari konsorsiumi, 600 mln. AQSh dollari esa “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan taqdim etiladi.
Mablag‘lar “Euler Hermes” (Germaniya) va boshqa Yevropa eksport-kredit agentliklarining sug‘urta qoplamalari doirasida jalb qilinadi.
Iqtisodiy forumda “O‘zbekneftgaz” AJ va shtab-kvartirasi Nyu-Yorkda joylashgan va O‘zbekistonda investitsiya loyihalari va ularni moliyalashtirish bo‘yicha maslahat berish bo‘yicha ko‘p yillik muvaffaqiyatli tajribaga ega “White & Case LLP” xalqaro yuridik firmasi o‘rtasida yana bir bitim imzolandi.