Xabaringiz bor, “Oʻzkomnazorat” TikTok, Twitter va VKontakte kabi ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini cheklagan edi. Ayni paytda Facebook va uning tarkibidagi servislar faoliyatida uzilishlar paydo boʻlmoqda. Biroq bu birgina Oʻzbekistonda emas.
“Kun.uz"ning Downdetector-ga tayanib xabar berishicha, foydalanuvchilarda Facebook, Instagram va WhatsApp tarmogʻida uzilishlar kuzatilmoqda.
Facebook foydalanuvchilari ijtimoiy tarmoqqa kirishda muammolarga duch kelgan. Eng koʻp shikoyatlar veb-sayt ochilmasligi (75 foiz), avtorizatsiya (15 foiz) va maʼlumotlar yuklanishi (10 foiz) bilan bogʻliq.
WhatsApp foydalanuvchilari ilova ishlamasligi (45 foiz), serverga ulana olmaslik (28 foiz) va xabar joʻnatishdagi muammolardan (26 foiz) shikoyat qilgan.
Instagram ilovasi (52 foiz), tarmoq veb-sayti ochilmasligi (29 foiz) bilan bogʻliq muammolar ham kuzatilmoqda. Downdetector maʼlumotlariga koʻra, serverga bogʻlanishda ham muammolar mavjud (19 foiz).