2022-yil 1-yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish obyektlarida xaridni amalga oshirgan va ushbu xaridni soliq organlarining maxsus mobil ilovasida xarid chekining QR-kod yordamida skanerlash orqali roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslarga ularning bank kartalariga oy yakuni bilan xarid summasining 1% i respublika byudjetidan qaytariladi. Bu Prezident qarorida aks etgan.

Bundan avtomobil sotib olganlik uchun, temir yoʻl va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun toʻlov, shuningdek, toʻlov tizimi operatorlari orqali toʻlovni amalga oshirganda olingan xarid cheklari mustasno.

Sotib oluvchiga cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar koʻrsatganlik, shuningdek, identifikatsiya qilish vositalari bilan majburiy raqamli markirovka qilish nazarda tutilgan mahsulotlarda qalbaki markirovka qoʻllanilganligi yoki markirovka mavjud emasligi toʻgʻrisida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga, huquqbuzarlardan undirilgan jarimaning 20% i miqdorida mukofot toʻlanadi.

QR-kod nima, undan qanday foydalanish mumkinligi haqida bu yerda tanishishingiz mumkin.