Ijtimoiy tarmoqlarda Namangandagi bankomat 10 ming soʻm yechib, 50 ming soʻm berayotganligi haqida xabar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Hamkorbank ATB rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur holat joriy yilning 27-sentyabr kuni, bankning Namangan mintaqaviy filialiga tegishli 24/7 rejimida oʻz‑oʻziga xizmat koʻrsatuvchi ofisda joylashgan bankomatda sodir boʻlgan.
Ushbu xatolik bankomatdagi 10 000 soʻmlik va 50 000 soʻmlik pul sotish kassetalari almashib qolganligi natijasida yuzaga kelgan.
“Mazkur holat tezkorlik bilan oʻsha kunning oʻzida xatolik aniqlangandan soʻng 30 daqiqa ichida bartaraf etildi”, — deyiladi bank xabarida.
Avvalroq Spot bankomat ishlamay qolishining sabablari va muammoli vaziyatlarda nima qilish kerakligi haqida yozgan edi.