“Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ-5255-son, 04.10.2021-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi.
️Bolalar jamoat fondi, jumladan:
- ogʻir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlaydi hamda ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatish tadbirlarini tashkil etadi;
- ehtiyojmand oilalarning farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalarni bepul dori vositalari, tibbiy va protez-ortopedik buyumlar bilan taʼminlaydi;
- jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarni taʼlim olishlarida koʻmaklashadi;
- ogʻir tashxisli kasalliklari boʻlgan bolalarni parvarish qilayotgan kam taʼminlangan oilalarni homiylikka oladi.
️Bolalar jamoat fondi soliqlarning barcha turlaridan ozod etiladi (ijtimoiy soliq bundan mustasno).
2024-yil 1-yanvargacha Bolalar jamoat fondi tomonidan tegishli roʻyxatlar boʻyicha davolanishga muhtoj bolalar uchun olib kelinadigan dori vositalari, tibbiyot uskunalari va protezlash vositalari bojxona toʻlovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinadi.
2021-yil 1-dekabrgacha Bolalar jamoat fondi platformasi va yagona elektron bazasi faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Qarorga koʻra, “Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.