Shavkat Mirziyoyev Sirdaryoda saylovchilar bilan uchrashuvda viloyatda 1,5 mingdan ziyod uy-joy kam taʼminlangan oilalarga ajratilib, ularga ipoteka krediti boʻyicha 60 milliard soʻmlik subsidiyalar berililishini taʼkidladi.

Jumladan, ogʻir turmush sharoitida yashayotgan 800 nafar ayollarga subsidiya ajratiladi, 450 nafariga boshlangʻich badal puli toʻlab beriladi, 120 nafari bepul uy-joy bilan taʼminlanadi.

Shuningdek, Guliston shahrining eski dehqon bozori oʻrnidagi 42 gektar maydonda “Guliston city” barpo etiladi. Bu yerda 1 ming 700 xonadonli 16 qavatli turar-joylar, umumtaʼlim va biznes maktablari, 2 ta bolalar bogʻchasi, zamonaviy klinika, madaniyat markazi va mehmonxona quriladi.

Bundan tashqari, viloyatda elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash maqsadida, kelgusi besh yilda 5 ming kilometr past va yuqori kuchlanishli tarmoqlar, 1 ming 100 ta transformator yangidan quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Bu ishlar hisobiga 420 mingdan ortiq aholi yashaydigan maskanlar obod qilinadi.