2021-yilning 8- oktyabr kuni “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini chop etdi. Hisobotga ko‘ra, mamlakatimiz suveren kredit reytingining bahosi BB — (barqaror kutilma) darajada tasdiqlandi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatimizning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralari, mo‘'tadil davlat qarzi darajasi va “BB” reytingiga ega mamlakatlarga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari respublika suveren kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan hisoblanadi.
Shu o‘rinda, mamlakatning xom-ashyo tovarlariga bog‘liqligi, institutsional va boshqaruv sifati darajalarining sustligi, yuqori inflyatsiya darajasi, va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotining (YAIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirilgan.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi hamda saylovlar yaqinligiga qaramay islohotlarni, xususan iqtisodiyotdagi yirik davlat korxonalarini transformatsiyasini amalga oshirishda ildamlamoqda.
Iqtisodiy islohotlar bilan birga hukumat mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish va aholining ijtimoiy holatini yaxshilashni davom ettirishi qayd etilgan.
“Fitch"ning fikricha, navbatdagi islohotlarning murakkabligi, belgilangan muddatlar va islohotlardan ko‘zlangan yakuniy maqsadlar davlatning institutsional salohiyati uchun o‘ziga xos sinov vazifasini o‘taydi.
Hisobotda aytilishicha, respublikada iqtisodiy o‘sish 2021- yilda 6,2 foizni, 2022−2023 yillarda o‘rtacha 5,5 foizga (“BB” reytingiga ega mamlakatlar medianasi 3,7 foiz) o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Kelgusi yillardagi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omillar sifatida fiskal konsolidatsiyaning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, yuqori investitsion faollik, tashqi moliyalashtirish manbalaridan foydalanishni davom ettirilishi va qishloq xo‘jaligi, qurilish va sanoat sohalariga ijobiy ta’sir etuvchi islohotlar sanab o‘tilgan.
Biroq, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatning o‘zgarishi va vaksinatsiyaning kechiktirilishi iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.
Agentlikka ko‘ra, davlat qarzi 2021−2023 yillarda YAIMga nisbatan mos ravishda 42 foiz va 44 foizni tashkil etadi, ammo 2023- yilda respublikaning davlat qarzi “BB” reytingiga ega davlatlarning medianasidan (YAIMga nisbatan 59 foiz) past darajada bo‘ladi.
Davlat qarzi hajmi tez sur’atlarda ortgan bo‘lsada, davlat tashqi qarzining 92 foizi xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilinganligi hamda davlat qarzining so‘ndirish muddatlari va xarajatlari nuqtai nazardan ijobiy omil sifatida keltirilgan.
Hisobotda hukumatning so‘mda qarz (davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish orqali) jalb qilishni oshirishga intilayotgani hamda 2020−2021 yillarda so‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalari ijobiy baholangan.
Parlamentga kiritilishi rejalashtirilgan “Davlat qarzi to‘g‘risida"gi qonun loyihasida davlat qarzining YAIMga nisbatan 60 foizlik yuqori chegarasi, yangi jalb qilinadigan davlat qarziga yillik limitlar (jumladan davlat-xususiy sheriklik loyihalariga) belgilanishi va davlat qarzi YAIMga nisbatan 50 foizdan oshgan holatlarda qarz hajmini kamaytirish choralari ko‘rilishi nazarda tutilganligi alohida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, hukumatning likvid aktivlari (YAIMga nisbatan 25 foiz) yuqoriligi keltirib o‘tilgan.
Agentlik mamlakatning xalqaro zaxiralari (2021 yilda 35,2 mlrd. dollarni tashkil qilishi kutilmoqda) barqaror darajada saqlanib qolishiga va tashqi moliyalashtirish manbalari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning oqimi, nisbatan barqaror oltin narxlari xalqaro zaxiralarning kamayib ketishini oldini olishiga ishonch bildirgan.
“Fitch"ning kutilmalariga ko‘ra, Markaziy bank inflyatsion targetlashga o‘tish jarayonida ijobiy real stavkalarni saqlab qoladi.
Monetar siyosat transmissiyasini yaxshilash uchun monetar siyosat instrumentlari rivojlanayotgani ijobiy baholangan bo‘lsada, monetar siyosat transmissiyasini kuchaytirish uchun inflyatsiya kutilmalari va dollarizatsiya darajasini pasaytirish, kapital bozorlarini rivojlantirish, imtiyozli kreditlash hajmini kamaytirish zarurligi keltirib o‘tilgan.
Agentlikning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi (shu jumladan reyting kutilmasi) quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:
- makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlagan holda yuqori iqtisodiy o‘sishga erishilganda va aholi jon boshiga YAIM miqdorining “BB” reytingiga ega davlatlar bilan farqi kamayganda;
- “qonun ustuvorligi”, “aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik”, “tartibga solish sifati” va “korrupsiyani nazorat qilish” kabi boshqaruv standartlari sezilarli yaxshilanganda;
- fiskal va tashqi zaxiralar sezilarli oshganda.
O‘zbekistonning suveren kredit reytingi quyidagi hollarda pasaytirilishi mumkin:
- davlat qarzining YAIMga nisbati keskin oshib ketishi yoki davlat shartli majburiyatlarining amalga oshirishi oqibatida suveren fiskal buferlarning kamayishi;
- bank kreditlari hajmining tez sur’atlar bilan oshishi ortidan joriy operatsiyalar hisobi manfiy saldosining kattalashuvi, xalqaro zaxiralarning sezilarli darajada kamayishi yoki tashqi majburiyatlarning tez ortishi.