Adliya vazirining buyrugʻi bilan tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisini roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va koʻrib chiqish qoidalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Talabnoma beruvchining xohishiga koʻra talabnomaning ekspertizasi vakolatli organ tomonidan tezkor tartibda, yaʼni talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oy mobaynida oʻtkazilishi bilan toʻldirildi. Bunda talabnomaning ekspertizasini tezkor tartibda oʻtkazish talabnoma beruvchining bu haqdagi iltimosnomasiga asosan amalga oshiriladi. Iltimosnoma vakolatli organga talabnoma bilan bir paytda yoki u topshirilgan sanadan eʼtiboran 3 oy davomida taqdim qilinishi kerak.
Belgilanishicha, ifodalangan belgining muhofazaga layoqatlilik axborotini izlash rasmiy ekspertiza yakunlangan kundan boshlab 10 kun ichida amalga oshiriladi. Uning natijalari boʻyicha hisobot tuziladi, unda quyidagilar aks ettiriladi:
- izlash oʻtkazilgan talabnoma raqami;
- talabnoma topshirilgan sana;
- talabnomada koʻrsatilgan belgining tovar va xizmatlarning xalqaro klassifikatsiyasi boʻyicha sinflari;
- axborotni izlash oʻtkazilgan belgining tasviri;
- maʼlumotlar bazalari, lugʻatlar, maxsus adabiyotlar roʻyxati;
- bibliografik maʼlumotlar koʻrinishidagi axborotni izlashga aloqador hujjatlar, muayyan sinflarga havolalar;
- axborotni izlash yakunlangan sana.
Shuningdek, ommaga maʼlum boʻlgan har qanday maʼlumotlar axborot izlashning hajmiga kiritilishi mumkin.