Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvi bo’lib o’tmoqda.
Shavkat Mirziyoyev saylovchilarni viloyatda kelgusi besh yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari bilan tanishtirdi.
Ta’kidlanganidek, besh yilda viloyatda 9 milliard dollarlik 2,2 mingta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 75 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Jumladan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatidagi 1,7 milliard dollarlik 5- va 6-gidro metallurgiya zavodini qurish, “Pistali” konini o‘zlashtirish va “Muruntov” konini kengaytirish, qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan 28 ta yangi loyihani qamrab olgan zamonaviy gaz-kimyo texnologik klasterini tashkil etish, umumiy quvvati 2,8 ming mega-vatt bo‘lgan qariyb 3 milliard dollarlik 7 ta elektr stansiyasini ishga tushirish kabi yirik loyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, tog‘-kon sanoatida 450 million dollarlik 52 ta loyiha doirasida 7,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Viloyatdagi istiqbolli maydonlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun 124 ta loyiha doirasida 3,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, viloyatdagi imkoniyatlar to‘liq ishga solinib, mahalliy sanoat jadal rivojlantiriladi, investitsiyalar va eksport keskin ko‘paytiriladi.
Natijada viloyatda sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 40 foizga, jumladan, hududiy sanoat 2 barobarga oshadi.