Ushbu tadqiqot bank tizimi aktivlari tarkibida xususiy sektor ulushining o‘zgarishlari, bank sohasidagi islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini baholab borish uchun o‘tkazilmoqda. Markaz tomonidan 2021-yilning 3- choragi bo’yicha faol banklar reytingi shakllantirildi.
Bu haqda markaz Matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.
2020−2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish Strategiyasiga asosan, Ipoteka bank, Oʻzsanoatqurilishbank, Asaka bank, Aloqa bank, Qishloq qurilish bank va Turon bankdagi davlat ulushini bosqichma-bosqich xususiylashtirish rejalashtirilgan.
Birinchi bosqichda, banklar faoliyatini transformatsiya qilish, ikkinchi bosqichda davlat aksiyalar paketini sotish koʻzda tutilgan.
Yirik davlat banklari xususiylashtirilgandan soʻng, moliyaviy xizmatlar bozorida jiddiy oʻzgarishlar yuz berishi, natijada yangi xizmatlar va raqobatning yanada kuchayishi kutilmoqda.
Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, Agrobank va Mikrokreditbankning ustav kapitalida davlat ulushi saqlab qolinadi.
2021-yil 1-sentabr holatiga bank tizimi aktivlari hajmi 403,8 trln. soʻmni (2020-yil 1-sentabrga nisbatan oʻsish — 22,5%), majburiyatlari 339,3 trln. soʻmni (oʻsish — 24%), jami kapitali — 64,5 trln. soʻmni (oʻsish — 15,2%) tashkil etdi.
Bugungi kunda bank tizimida 57 mingdan ortiq kishi faoliyat olib bormoqda.
17 ta yirik banklar orasida Kapital bank hamon yetakchi boʻlib, oʻz oʻrnini 2020-yil 2-chorakdan beri saqlab turibdi. Xususan, bankning muddatli depozitlari hajmi oʻtgan chorakga nisbatan 27,1%ga oshdi va 5,8 trln. soʻmni tashkil etdi. Muddatli depozitlarning kreditlarning umumiy miqdoriga nisbati 90%ga yetdi (bank tizimi — 24%).
Hamkor bank ham oʻz oʻrnini saqlab qoldi va umumiy reytingda 2-oʻrinni egallashda davom etmoqda. Mazkur bank moliyaviy ommaboplik, aktivlar sifati va daromad olish salohiyati boʻyicha yuqori natijalarga erishdi.
Xususan, muddatli depozitlari hajmi 21,6%ga oshdi va 2,6 trln. soʻmni tashkil etdi. Bankning bitta filialiga toʻgʻri keluvchi kredit olgan yuridik shaxslar soni 424 taga, jismoniy shaxslar soni 4716 kishiga yetdi. Jami daromadlarining aktivlariga nisbati 19,2%ni tashkil etdi (bank tizimi — 10,5%). Muammoli kreditlari ulushi 2,1%gacha (bank tizimi — 6%) kamayib, 184,2 mlrd. soʻmni tashkil etdi.
Trast bank daromad olish salohiyati va likvidlilik boʻyicha yetakchilikni saqlab qolgan holda, eng faol banklar uchligini yopadi.
Joriy yilning 3-choragida Oʻzbekistondagi 14 ta kichik banklari faollik reytingida yetakchilar mos ravishda Davrbank, Ziraat bank va Universal banklar boʻlishdi.
Shuningdek, ikki xorijiy banklar — Tenge bank va OʻzKDB umumiy reytingda oʻz oʻrinlarini 1 pogʻonaga yaxshilashdi.