“UzAuto Motors” yarimo’tkazgichlarning global tanqisligi sabab Chevrolet Cobalt avtomobili uchun majburiy kiritilgan o’zgarishlar haqida xabar berdi.
Yuzlab tayyor Chevrolet Cobalt avtomobillari zavod avtoturargohida o’zlarining yangi egalarini kutmoqda. Birgina yarimo’tkazgich detalining yo’qligi sabab avtomobildagi o’rindiqni isitish tizimi ishlamasligi avtomobilni egasiga topshirishga yo’l qo’ymaydi.
Yuzaga kelgan holatdan kelib chiqib, “UzAuto Motors” kompaniyasi yaqin orada 4-pozitsiya Chevrolet Cobaltni kutayotgan mijozlarga avtomobilni isitish o’rindig’i modulisiz taklif etadi.
Ushbu komplektatsiya 1 mln so’mni tashkil etadi. Ularning narxi avtomobilning umumiy narxidan olib tashlanadi.
Avtomobilda konditsioner va pechka ishlashini ta’minlovchi isitish va sovutish tizim regulyatori (HVAC kontroller) o’zgarishsiz ishlaydi.
O’rindiqni isitish tugmasi ishlamaydi. Xaridorning roziligi bilan amalga oshiriluvchi ushbu majburiy choraning qo’llanilishi uzoq kutilgan avtomobillarni yaqin orada o’z egalariga yetkazilishini ta’minlaydi.