Hukumat qaroriga koʻra, quyidagi xizmatlar YAIDXP orqali elektron shaklda koʻrsatilishi belgilab qoʻyildi:
- Oʻzbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
- chet davlatda Oʻzbekiston fuqaroligini tasdiqlash boʻyicha tegishli hujjatlar va maʼlumotnomalar olish;
- sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi maʼlumotlar olish;
- avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
- jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.
Shuningdek, haydovchining yoʻl-patrul xizmati inspektoriga taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlari yonida boʻlmagan taqdirda ular maxsus planshet qurilmasi yordamida identifikatsiya ID-kartasi orqali tekshiriladi.
Bunda, identifikatsiya ID-kartaga ega fuqarolarga tegishli transport vositasi haydovchisidan quyidagilarni talab qilish amaliyoti bekor qilinadi:
- yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi;
- transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazganlik toʻgʻrisidagi, transportga egalik qilish, egasi yoʻqligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar;
- transport egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi.
Maʼlum boʻlishicha, 2022-yil 1-fevralgacha sugʻurta shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yagona axborot tizimiga toʻliq kiritiladi.