Renualt kompaniyasi Roodell dilerlik tarmogʻi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston hududida avtomobil ishlab chiqarish va sotishni yoʻlga qoʻyishni boshlamoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spotga xabar berdi.
Brend mamlakatda mashinalarni yigʻish va dilerlik tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli loyihani amalga oshirmoqchi.
“Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda jadal oʻsib borayotgan bozor, bu yerda yangi avtomobillarga qiziqish tobora ortib bormoqda. Ishonchimiz komilki, oʻzbekistonliklar Renault avtomobillarining dizayni, zamonaviy texnologiyalar va yuqori darajadagi qulaylikni munosib baholaydi”, — dedi Renault-ning Rossiya va MDH davlatlari boʻyicha bosh direktori Yan Ptachek.
Renault Oʻzbekiston bozorida avvalroq Rossiya va MDHning boshqa davlatlarida sotuvga chiqqan modellarini taqdim etadi.
Renualt-ning Oʻzbekistondagi dilerlik tarmogʻini rivojlantirish bosqichma-bosqich, bozor talablariga mos ravishda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda Renault savdolari va servisi Toshkentdagi ikkita dilerlik markazi orqali amalga oshiriladi.
Avvalroq Roodell kompaniya bosh direktori Doniyor Davletiyarov Spotga mashinalari narxi, elektromobillar va UzAuto monopoliyasi haqidagi intervyu bergan edi.