“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun (O‘RQ-722-con, 14.10.2021 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi:

  1. Davlat soliq qo‘mitasi soliqlarni, shuningdek aylanmadan olinadigan soliqni belgilangan tartibda mol-mulkni garovga bermagan holda, kafilliksiz yoki bank kafolatisiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishga haqli ekanligi belgilandi (bundan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, to‘lov manbaida olinadigan foyda solig‘i mustasno).
  2. Faoliyatni 3 yildan ortiq vaqtdan buyon amalga oshirayotgan, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan, ammo moliyaviy ahvoli soliq qarzini muddatida to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmagan manfaatdor shaxslarga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishi mumkin.
  3. Soliq to‘lovchining O‘zbekiston Respublikasining professional (kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar) va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, shuningdek 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun yo‘naltiriladigan daromadlari soliqqa tortilmaydi (ilgari ushbu imtiyoz faqat oliy ta’lim bo‘yicha tatbiq etilgan).