Prezident qaroriga muvofiq, “Toshkent metropoliteni” UK “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidan Transport vazirligi tizimiga oʻtkazilib, “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasiga oʻzgartirildi.
Qarorga koʻra:
- 2022-yil 1-iyulgacha 7 ta metro bekatida (Beruniy, Chorsu, Paxtakor, Olmazor, Turkiston, Qoʻyliq bozori, Chilonzor) transport oʻtish bogʻlamalari;
- 2022-yil 1-oktyabrgacha Toshkent shahriga kirib keluvchi yoʻlovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati (Turkiston, Yunusobod, Chilonzor va yer usti halqa liniyasining 3, 4 va 5-bekati) atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi.
Shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan quyidagi maʼlumot va xizmatlarni oʻz ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi:
- metropoliten yoʻnalishlari (ularning qurilishi boʻyicha maʼlumotlar);
- bekatlar (ular atrofida joylashgan obyektlar va jamoat transporti yoʻnalishlari);
- poyezdlar harakati jadvali;
- elektron toʻlov.
Bundan tashqari, 2022-yil 1-aprelgacha yer usti halqa metro bekati yoʻnalishida yoʻlovchilar uchun bepul WiFi tizimi bilan bogʻlash va yer osti metro bekatlarida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.