Shavkat Mirziyoyev Talabalar shaharchasidagi uchrashuvda oliy taʼlimga oid rejalarini aytdi. Taʼkidlanishicha, magistraturada taʼlim olish uchun Toshkent shahridagi xorijiy va nodavlat oliygohlarga 200 ta hamda xotin-qizlar uchun davlat oliygohlariga 500 ta davlat granti beriladi.
Shuningdek, har bir talabaga oyiga 5 gigabayt bepul internet beriladi.
“Poytaxtda ilm-fanni yanada rivojlantirish, bunga isteʼdodli yosh olimlarni keng jalb qilish boʻyicha alohida dasturni amalga oshiramiz. Innovatsiyalar vazirligi va Fanlar akademiyasi orqali olimlarning ilm-fan va innovatsiya sohalaridagi yangi tadqiqotlariga 100 million dollar ajratamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qoʻshimcha qilinishicha, $70 mln ilmiy ishlanmalar va ularni iqtisodiyotning real sohalariga joriy etishga, qolgan qismi esa “Yoshlar shaharchasi"da joylashgan “Innovatsion xab” orqali startap loyihalariga beriladi.
Bundan tashqari, IT park negizida Ilmiy innovatsiyalar markazi tashkil etilib, unga har yili 30 mlrd soʻm ajratiladi.