Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi saylovchilar bilan bo’lib o’tayotgan uchrashuvida “yashil hudud"larni ko‘paytirish ustuvor vazifalardan biri ekanligini ta’kidlab o’tdi.
Prezidentning ta’kidlashicha, kelgusi yilda har bir tumanda sayilgoh hamda shahar bo‘yicha 25 ta “yashil hudud” va alleyalar tashkil etiladi.
Shahar hududidan oqib o‘tuvchi 28 ta kanalning 111 kilometr qirg‘oqlari mustahkamlanadi va sayilgohlar tashkil etiladi. Shuningdek, poytaxtning 60 kilometr kanal bo‘ylari, 250 kilometr piyoda yo‘laklari atrofiga manzarali daraxtlar ekiladi.
Toshkent katta halqa yo‘lining atrofida manzarali daraxtlar ekilib, ixotazorlar tashkil etish orqali “yashil belbog‘” yaratiladi hamda piyoda va veloyo‘laklar tashkil etiladi.
Chirchiq daryosining shahardan o‘tuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobiga, 306 gektar maydonda rekreatsion zona, piyoda yo‘laklari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini qamrab olgan “Daryo bo‘yi” majmuasi barpo etiladi.
Natijada shahardagi “yashil maydonlar” ulushi hozirgi 16 foizdan, 30 foizga yetkaziladi.