BAAdagi banklardan biri $35 mln dan mahrum boʻldi. Oddity Central nashrining yozishicha, xakerlar bir mijozning ovozini oʻxshatib, bank menejerini aldashga muvaffaq boʻlishgan.

Taʼkidlanishicha, BAAdagi banklardan birining boshqaruvchisi telefoniga qoʻngʻiroq qilingan va goʻshakning narigi tomonida bankning ancha yillik mijozi ovozi yangragan.

Mijoz oʻz kompaniyasi yirik shartnoma tuzgani va shu sababli bank uning hisobraqamidan koʻrsatilgan hisobraqamga pullarni iloji boricha tezroq oʻtkazib berishi kerakligini aytgan. Bank boshqaruvchisini yanada ishontirish uchun uning elektron pochtasiga bitim haqida huquqshunos tomonidan tasdiqlangan hujjatlar yuborilgan.

Boshqaruvchi mijozning ovozini yaxshi tanigani uchun hech qanday ikkilanishsiz pullarni aytilgan hisobraqamga oʻtkazib bergan. Biroq bir necha kundan keyin buning hammasi qalloblik ekani maʼlum boʻlgan.

Aniqlanishicha, jinoyatchilar oʻgʻrilikni amalga oshirishda ovozni klonlashtirish texnologiyasidan foydalanishgan.

Tergov davomida mijozning pullari AQShdagi bir nechta hisobraqamlariga sochib yuborilgani aniqlangan. Hozircha, politsiyaga ayni vaqtda faqat shugina maʼlum.

Politsiyachilarning fikricha, jinoiy sxemaga butun dunyo boʻylab tarqalgan kamida 17 kishi aralashgan. Bu esa ularni izlashni yanada qiyinlashtiradi.