Prezidentning qaroriga koʻra, 2024-yil 1-yanvarga qadar import bojxona boji “nol” stavkada qoʻllaniladigan ayrim turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar roʻyxati tasdiqlandi.
U 82 ta tovarga tatbiq etiladi, ular jumlasida:
- kastor yogʻi va uning fraksiyalari;
- asbest;
- natriy gidroksidi (kaustik soda) qattiq shaklda;
- karbidlar, kimyoviy tarkibi aniq yoki noaniq;
- oʻsimlik yoki chorvadan olinadigan boʻyovchi moddalar;
- keramik mahsulotlar, emal yoki oyna ishlab chiqarish uchun moʻljallangan shishasimon emallar va glazurlar va shunga oʻxshash preparatlar;
- toʻqimachilik boʻyogʻi;
- sirti faol organik moddalar (sovundan tashqari); sirti faol vositalar, yuvish vositalari (shu jumladan yordamchi yuvish vositalari) va tarkibida sovun mavjud yoki mavjud boʻlmagan tozalash vositalari;
- moylash materiallari hamda toʻqimachilik matolari, charm, moʻyna yoki boshqa materiallarga yogʻ va moy bilan ishlov berish uchun foydalaniladigan vositalar;
- sunʼiy mum;
- tayyor yelimlar va boshqa joyda nomlanmagan yoki kiritilmagan boshqa tayyor adgezivlar;
- fermentlar, fermentli preparatlar;
- toʻqimachilik tarmogʻida qoʻllaniladigan pardozlash vositalari, boʻyashni tezlashtirish yoki boʻyoqlarni mustahkamlash vositalari va boshqa mahsulotlar hamda tayyor preparatlar;
- sunʼiy moʻyna;
- yelimlangan fanera, fanera holiga keltirilgan panellar va qatlamli yogʻochdan shunga oʻxshash materiallar;
- filtr qogʻoz va karton;
- apparatda yigirilgan jun kalava ipidan yoki apparatda yigirilgan jonivorlarning ingichka sochidan tayyorlangan gazlamalar;
- zigʻirpoya tolasidan toʻqilgan gazlamalar;
- kompleks sintetik va sunʼiy iplardan toʻqilgan gazlamalar;
- kimyoviy iplardan va boshqa toʻqimachilik materiallaridan toʻqilgan toʻrlar.
Hujjat qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 22.10.2021 yildan kuchga kirdi.
Avvalroq Spot Oʻzbekistonga import qilinuvchi sitrus mevalar bojxona bojidan ozod qilinganligi haqida yozgan edi.