Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov bugungi kunda 14 ta bankda islom darchasini yoʻlga qoʻyish ustida ishlar boshlangani va bunda islom tamoyillari asosida kredit berish ishlari amalga oshirilishi haqida gapirdi.
“14 ta bankda islom darchalarini yoʻlga qoʻyish ustida ishlar ketmoqda. Biz oldin juda oddiy oʻylar ekanmiz. Islom davlatlari banklarida oʻzining maʼlum jihatlari bor ekan. Yaʼni men sizga islom tamoyillari asosida kredit berishim uchun men sizga beradigan resursni ham islom tamoyillari asosida jalb qilishim kerak boʻladi. Yaʼni men foizga depozit jalb qilib sizga islom tamoyili asosida kredit bersam, siz olmasligingiz mumkin. Chunki depozit jalb qilish islom tamoyiliga javob bermaydi. Bu borada biz, eng avvalo, islom moliyasi boʻyicha savodxonlikni oshirish borasida maʼlum ishlarni amalga oshirishimiz kerak”, — dedi Markaziy bank raisi.
Uning taʼkidlashicha, islom moliyasiga oid qonun loyihasi qonunchilik palatasida birinchi oʻqishdan oʻtgan.
Ushbu qonun loyihasida islom moliyasi boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish uchun mikromoliya tashkilotlariga ruxsat berilgan. Bu borada tegishli normativ hujjatlar ishlab chiqilish jarayonida.
“Asosiysi, shu vaqtgacha eʼtibor bermagandim, islom moliyasi rivojlanishi uchun fatvo beradigan musulmonlar idorasi ham kerak ekan. Yaʼni Malayziya va Indoneziyadagi musulmon idoralari shunaqa fatvoga ega ekan. Yaʼni bu juda murakkab va nozik jarayon. Bu nozik tomonlariga eʼtibor bermay, mana, islom banki boʻldi degan bilan koʻzlagan natijaga erisha olmaymiz. Bosqichma-bosqich bu ishlarni amalga oshirib, mikrokredit tashkilotlardan keyin tijorat banklarida islom moliyasi darchasini ochish lozim”, — dedi Mamarizo Nurmurotov.
Avvalroq Spot Islom taraqqiyot banki va Saudiya Arabistoni Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirishga moliyaviy koʻmak berishi haqida yozgan edi.