Turizm va sport vaziri birinchi o‘rinbosari U.Azamov bilan Malayziyaning “Malaysia Airports Holdings Berhad” (МАНВ) kompaniyasi rahbariyatining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda kompaniya asoschisi Mohd Shukri Osman, ijrochi direktori Mohd Nazli Abdul Aziz, direktor o‘rinbosari Zulhikam Ahmad, “Alpha Indera” kompaniyasining O‘zbekistondagi doimiy vakili Daliya Alkatiriy hamda menejerlari Sabrina Fauzan hamda Mohd Ahmad Zahid ishtirok etdi.

Maʼlumot uchun: “Malaysia Airports Holdings Berhad” (МАНВ) kompaniyasiga 1991 yilda asos solingan bo‘lib, hozirda Malayziyadagi 39 ta aeroportni davlat xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaradi (shundan 5 tasi — Malayziya xalqaro aeroporti va 1 tasi Turkiyaning “Istanbul Sabiha Gokcen International”, Qatarning “Doha” aeroportlari va boshqalar). Hozirgi kunda kompaniya “Malayziya aeroportlari o‘quv markazi"ni tashkil etib, aviatsiya sohasi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha treninglar, o‘quv va amaliy kurslarini o‘tkazish bilan ham shug‘ullanib kelmoqda.

Delegatsiya tomonidan O‘zbekistondagi Urganch, Farg‘ona va ayniqsa Buxoro xalqaro aeroportlariga katta qiziqish bildirildi hamda kelgusida ushbu aeroportlarni davlat xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga olish taklifi ilgari surildi.

O‘zbekiston tomoni mazkur aeroportlarning hozirgi holati va ular joylashgan hududlardagi mavjud imkoniyatlar hamda mamlakatimizda joriy etilgan “Umra+” dasturi bo‘yicha ushbu aeroportlarga xorijiy davlatlardan musulmon olami vakillarini keng jalb qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda rejalar haqida maʼlumot berdi.

Dasturning ustunliklari to‘g‘risida mehmonlarga qisqacha maʼlumot berish jarayonida Malayziyadan Turkiyaning “Istanbul Sabiha Gokcen International” aeroporti yo‘nalishida amalga oshiriladigan aviaqatnovlarni O‘zbekiston orqali tranzit qatnoviga o‘zgartirish taklifini ham berildi.