Spot 2021-yil 1-noyabrdan biznes va iqtisodiyotga aloqador turli sohalarda kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi.


Xonadonlar soni mingta va undan ortiq boʻlgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining oylik maoshlari 35% ga oshiriladi

Prezident farmoni bilan:

a) hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq boʻlgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlarini 35% ga oshiriladi;

b) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar tegishli mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

v) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarini ragʻbatlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini koʻrsatish vazifasi tuman (shahar) hokimliklaridan tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlariga oʻtkaziladi;


Xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga oʻtkazilganda kompensatsiya beriladi

Qarorga koʻra, 2021-yil 1-noyabrdan Oʻzbekiston nomidan chet el valyutasida tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb qilingan kreditlar (qarzlar) loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga 10 yildan kam boʻlmagan muddatga yoki ular jalb qilingan muddatga qayta kreditlanadi.


“Ijtimoiy himoya yagona reyestri"da roʻyxatga olingan shaxslarga, I va II guruh nogironlariga davlat xizmatlarini koʻrsatishda har qanday toʻlovlar boʻyicha 50% chegirma beriladi

Prezident farmoni ga muvofiq, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP orqali davlat xizmatlarini koʻrsatishda qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlar boʻyicha 50% miqdorida chegirma qoʻllanadi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno).

Shuningdek, davlat xizmatlari markazlari, “Litsenziya” axborot tizimi hamda YaIDXP orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari belgilangan muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilganda, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun toʻlangan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning 50%i ularga 1 ish kunida qaytariladi.


Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga ayrim tibbiy xizmatlar byudjet hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilishiga ruxsat beriladi

Prezident qaroriga asosan respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi va urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilishiga ruxsat beriladi.