Prezident qarori bilan Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti tashkil etiladi.

Institutning asosiy vazifalari:

  • tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib hududlarni ixtisoslashtirish, eksportbop va daromadbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishni tashkil etish, qishloq xo‘jaligida innovatsion resurstejamkor texnologiyalarni hamda raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash;
  • o‘quv mashg‘ulotlari, malakaviy amaliyotlarni o‘tashda talabalarni innovatsion va yangicha fikrlashga yo‘naltiradigan yangi o‘qitish texnologiyalari hamda ularning mustaqil izlanishini ta’minlovchi mexanizmlarni keng joriy etish;
  • Surxondaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini, jumladan, mevali va yong‘oq mevali, sabzavot, poliz, don-dukkakli, subtropik va tropik ekinlarni parvarishlashning bio-, nano- va resurstejamkor hamda intensiv texnologiyalarini ishlab chiqish.

Institutda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab:

  • bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida ta’limning kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, talabalar uchun haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilanadi;
  • xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlari xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi.

Institutning faoliyati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Qarorning to’liq shakli bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.