Facebook kompaniyasi oʻz nomini “Meta"ga oʻzgartirdi. Bu haqda kompaniya asoschisi Mark Sukerberg Facebook Connect taqdimotida maʼlum qildi.

Tadbirda Sukerberg kompaniya “metaolamni” — barcha mavjud texnologiyalar va qurilmalar birlashtiriladigan virtual dunyoni ishlab chiqishini aytdi.

“Metaolam"ning asosiy maqsadi — odamlarni bir-biriga bogʻlash va ularga muloqot qilishda yordam berishdir, deydi Sukerberg.

Bunday virtual dunyoda avatarlar koʻrinishida muloqot qilish va real olamdagi barcha kontentni gologramma shaklida koʻrish mumkin boʻladi. Facebook, Instagram va WhatsApp Meta’da ishlashda davom etadi, shu bilan birga “metaolamni” parallel ravishda rivojlantiradi.


Nom oʻzgartirilishdan oldin kompaniyaning shtab-kvartirasi oldidagi “layk” tasviri olinib, oʻrniga Meta logotipi oʻrnatilgan.

2021-yil iyul oyida Mark Sukerberg Facebook foydalanuvchilarning yashashi, ishlashi va hordiq chiqarishi mumkin boʻlgan virtual-reallik ustida ishlashga eʼtibor qaratishini eʼlon qilgan edi. Oktyabr oyida kompaniya Yevropada besh yil davomida “metaolam” ustida ishlash uchun 10 000 xodimni yollashini maʼlum qilgan.

Keyinroq esa rebrending boʻlishi maʼlum qilingandi.