Markaziy bank tomonidan oʻtkazilgan tahlil natijalariga koʻra, joriy yil 9 oyi davomida bank tizimida jismoniy shaxslarning muammoga aylangan kreditlari hajmi 5,4 barobarga oʻsdi.
Qayd etilishicha, bank tizimida muammoli kreditlar ulushi joriy yilning iyul oyida eng yuqori darajaga (6,2% ga) yetgan. Muammoli kreditlar ulushi joriy yilning avgust-sentyabr oylarida 0,4% bandga kamayib, 1-oktyabr holatiga 5,8% ni (18,1 trln soʻm) tashkil etdi.
Mijozlar boʻyicha muammoli kreditlarning 29%i (5,2 trln soʻm) jismoniy shaxslar va 71%i (12,9 trln soʻm) yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hissasiga toʻgʻri keladi.
Tarmoqlar kesimida muammoli kreditlarning oʻsishi, asosan transport va kommunikatsiya, qishloq xoʻjaligi, savdo va umumiy ovqatlanish va qurilish sohalari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Joriy yil 9 oyi davomida bank tizimida yuridik shaxslarning muammoli kreditlari hajmi 2,6 barobarga oʻsgan boʻlsa, jismoniy shaxslarning muammoga aylangan kreditlari hajmi 5,4 barobarga oʻsib, ularning jami muammoli kreditlardagi ulushi 17% dan 29% ga yetdi.