2021-yilning oktyabr oyida isteʼmol bozoridagi tovarlar va xizmatlarning isteʼmol narxlari indeksi (INI) 1,3% ni tashkil etdi. Bu haqda davlat statistika qoʻmitasi xabar bermoqda.
Taʼkidlanishicha, joriy yil boshidan isteʼmol sektorida narxlarning oʻsish darajasi 7,3% ni, yillik nisbatda esa 10,6% ni tashkil etdi.
Hisob-kitoblarga koʻra, 2021-yil yanvar-oktyabr oylarida umumiy INI oʻrtacha oylik oʻsish darajasi 0,7% darajasida shakllandi.
2021-yilning oktyabr oyida narxlar va tariflar oshishi boʻyicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli boʻlib, oy davomida ularning narxlari oʻrtacha 1,9% ga oshdi. Ushbu davrda, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 1,1% ga, aholiga pullik xizmatlar narxlari 0,5% ga oshdi.
Taqqoslash uchun: 2020 va 2019-yillarning oktyabr oylarida uchta asosiy guruhlar orasida narxlar oshishi boʻyicha yetakchilik ham oziq-ovqat mahsulotlariga (oʻsish surati mos ravishda 2,3% va 2,8%) tegishli boʻlgan.
Yillik nisbatda, 2021-yilning oktyabrida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 14,0% ga oshib, uchta asosiy guruhlar orasida narxlar oshishi boʻyicha yetakchi boʻldi. 2020-yilning oktyabr oyidan nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 8,0% ga, xizmatlar — 8,4% ga oshgan.
Umuman olganda, 2021-yilning dastlabki oʻn oyi davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlar oshishi boʻyicha yetakchilikni ushlab turishda davom etmoqda (8,7%). Nooziq-ovqat mahsulotlar ushbu davrda 6,1% ga, xizmatlar — 6,6% ga qimmatlashgan.