“Alkogol va tamaki mahsulotlarini aksiz markalari bilan markirovkalash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Hukumat qarori (665-son, 02.11.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021-yil 1-dekabrdan 2022-yil 1-noyabrgacha, sinov tariqasida, ko‘piklanadigan va tabiiy vino mahsulotlari aksiz markalari bilan markalanmaydi.
2022-yil 1-sentyabrgacha yoki 2022 yil 1 sentyabrdan keyin boshqa turdagi tamaki mahsulotlari (filtrli va filtrsiz sigaretalardan boshqa turdagi chekiladigan tamaki mahsulotlari, chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, nikotinli tamakisiz snyuslar, tarkibida nikotin mavjud suyuqliklar va nikotinli elektron sigaretalar) ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar mazkur faoliyat amalga oshirilishi zarurati yuzaga kelgan kundan boshlab 7 kun mobaynida markirovkalash axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tadi.
2022-yil 1-oktyabrdan isteʼmol va guruhlangan qadoqlarga raqamli identifikatsiyalash vositalari tushiriladi, shuningdek, boshqa turdagi tamaki mahsulotlarini agregatsiyalash taʼminlanadi.
2023-yil 1-martdan boshqa turdagi tamaki mahsulotlari aylanmasi bo‘yicha barcha harakatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar markirovkalash axborot tizimiga kiritiladi.
2022-yil 1-oktyabrdan O‘zbekistonda raqamli identifikatsiyalash vositalarini tushirmasdan hamda raqamli identifikatsiyalash vositalari bilan markirovkalash to‘g‘risidagi maʼlumotlarni markirovkalash axborot tizimiga yubormasdan ishlab chiqarish taqiqlanadi.
2022-yil 1-oktyabrdan keyin ishlab chiqarilganda (olib kirilganda) ularning chakana savdosiga faqat markirovkalash axborot tizimiga maʼlumotlarni kiritish sharti bilan ruxsat etiladi.
2022-yil 1-oktyabrgacha ishlab chiqarilganda (olib kirilganda) ularning chakana savdosiga 2023-yil 1-oktyabrgacha ruxsat etiladi.