Buxoro viloyatida bir kunda ikki yangi mehmonxona ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, yaʼni Kogon tumanida “Poykent Bukhara” va Buxoro shahrida “Garden Plaza” mehmonxonasi foydalanishga topshirildi.
Bahouddin Naqshband ziyoratgohining ro‘parasida qad rostlagan “Poykent Bukhara” shu nomli mehmonxonalar tarmog‘ining 4-mehmonxonasi hisoblanadi.
Bugungi kunga qadar “Poykent Bukhara” mehmonxonalar tarmog‘ining Xoja Anjir Fag‘naviy, Xoja Orif Revgariy, Sayyid Mir Kulol muqaddas qadamjolari qoshida mehmonxonalari faoliyat olib borayotgan edi.
Ham milliylik, ham zamonaviy elementlarni o‘zida uyg‘unlashtirgan ushbu mehmonxonada endilikda sayyohlar uchun qo‘shimcha 104 ta xona va 250 o‘rin yaratilgan. Shuning barobarida 50 dan ortiq yigit-qiz muqim ish bilan taʼminlandi.
“Garden Plaza” mehmonxonasida yotoq xizmatidan tashqari 300 kishiga mo‘ljallangan 2 ta zamonaviy restoran, 60 kishiga mo‘ljallangan ochiq havodagi restoran, suzish havzasi, sauna, konferensiya va muzokaralar zali, billiard, stol tennisi, fitnes zali xizmatlarining ham yo‘lga qo‘yilganligi viloyatga tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Loyiha qiymati 25 mlrd. so‘mga teng mehmonxona ochilishi natijasida sayyohlar uchun qo‘shimcha 72 ta xona 150 ta o‘rin, shuningdek, 50 nafar turizm sohasi mutaxassisi uchun yangi ish o‘rni yaratildi.