Pul-kredit siyosatining 2022 yil va 2023−2024 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqishda, birinchi navbatda, iqtisodiyotda narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiya darajasini 2023 yil yakuniga qadar 5 foizgacha pasaytirish maqsadlaridan kelib chiqilgan.
2020 yil va 2021 yilning o‘tgan 9 oyida mamlakatimizda fiskal, monetar va tarkibiy iqtisodiy islohotlar borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar iqtisodiy faollikni va yalpi talabni rag‘batlantiruvchi omillardan bo‘ldi.
Natijada, 2020 yil yakunlari bo‘yicha real iqtisodiy o‘sish sur’ati 1,7 foizni va 2021 yilning dastlabki 9 oyligida 6,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil yakunida 6,5−7,2 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda.
Pandemiya sharoitida 2020 yilda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash va narxlar barqarorligini ta’minlash vazifalari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi 16 foizdan 14 foizgacha pasaytirildi hamda pul-kredit sharoitlari biroz yumshatilib nisbatan qat’iy fazaga o‘tkazildi.
2021 yilning o‘tgan 9 oyida esa mazkur pul-kredit sharoitlari o‘zgarishsiz saqlab qolindi.
Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha noaniqliklar hali ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Shu bois o‘rta muddatli makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari tashqi va ichki omillarning ta’siri ko‘lami va davomiyligini inobatga olib asosiy va muqobil ssenariylari ishlab chiqildi.
Shuningdek, bu yilgi hisob-kitoblarda iqlim o‘zgarishlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari taklifi, moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari, amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan islohotlar va ularning kutilayotgan natijalari shartli omillar sifatida inobatga olindi.
Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysida tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarning bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi kutilayotgan bo‘lib, keskin tashqi xatarlar yuzaga kelishi ko‘zda tutilmaydi.
Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat normallashib, inson resurslari migratsiyasi va transchegaraviy harakatlar bo‘yicha uzoq muddatli cheklovlar joriy etilmaydi.
Mazkur ssenariyga ko‘ra, iqtisodiy faollik yuqori sur’atlarda jadallashib borib, investitsion va iste’mol talabi pandemiyagacha bo‘lgan darajaga to‘liq tiklanadi.
Ushbu ssenariy doirasidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi o‘zining potensial darajasiga ko‘tarilib, real iqtisodiy o‘sish sur’atlari 5,5−6,5 foizni tashkil etadi va 2023−2024 yillarda 6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Asosiy ssenariy doirasida iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashning muhim drayveri sifatida xususiy ichki va tashqi investitsiyalar hamda iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar qaralmoqda.
Kelgusi yillarda mamlakatda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash vazifasi 2022 yildan bosqichma-bosqich fiskal konsolidatsiya boshlanishini taqozo qiladi va fiskal taqchillikning YAIMga nisbati 2023−2024 yillarda 2,0−3,0 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
Yuqorida keltirilgan omillar va tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish darajasidan kelib chiqib inflyatsiya sur’atlarining 2022 yilda 8−9 foizga tashkil etishi, 2023−2024 yillarda esa 5 foizgacha pasayishi kutilmoqda.
Makroiqtisodiy rivojlanishning muqobil ssenariysi shartlari sifatida jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinligicha qolishi sababli tashqi sharoitlarning noqulay shakllanishi va iqtisodiy faollikni pasayishi kabi ehtimollar asos qilib olingan.
Ushbu ssenariy bo‘yicha yalpi ichki mahsulot hajmining real o‘sishi 2022 yilda 3−4 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Vaziyatning normal fazaga o‘tishi bilan 2023 yildan iqtisodiy faollik va yalpi talabning tiklanishi kuzatilib, 2023 yilda 4,8−5,8 foizni va 2024 yilda 5,5−6,5 foizni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.
Bunda, ichki iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash uchun 2022 yilda ham fiskal rag‘batlantirishlar davom ettiriladi va umumiy fiskal taqchillikning YAIMga nisbati 4−5 foiz atrofida bo‘lishini taqozo etishi mumkin.
Fiskal konsolidatsiya 2023 yildan boshlanib, fiskal taqchillikning YAIMga nisbati 2023 yilda 3−4 foizgacha, 2024 yilda esa 2,0−2,5 foizgacha pasayishi baholanmoqda.
Makroiqtisodiy rivojlanish shartlari muqobil ssenariy bo‘yicha shakllangan holatda tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishi kelgusi davrlarga kechiktiriladi.
Natijada, ushbu ssenariy shartlari ro‘y bergan sharoitda umumiy inflyatsiya darajasi 2022 yilda 7,5−8,5 foizni tashkil etishi va 2023 yilda esa 5,6−6,6 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.