Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi joriy yilda 19 mingdan ziyod oʻrganishlar oʻtkazib, shundan 10 ming holatda turli kamchiliklar aniqlagan va ularni tezkor bartaraf etish choralarini koʻrgan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, agentlik tomonidan dori vositalari, biologik faol qoʻshimchalar va boshqa davolash preparatlari, ragʻbatlantiruvchi tadbirlar, nodavlat taʼlim va xorijda oʻqish xizmatlarini koʻrsatish, davolash, tibbiy xizmat va diagnostika xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq reklamalar boʻyicha ham oʻrganishlar oʻtkazildi.
Shuningdek, reklama qilinishi qonun bilan taqiqlangan yoki cheklangan mahsulotlar, xususan tamaki, elektron sigaretalar, energetik ichimliklar, alkogol, pivo, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar reklamasi boʻyicha aniqlangan holatlar bartaraf etilishi taʼminlangan.
Maʼlum qilinishicha, oʻtkazilgan 385 ta oʻrganishlarda 168 ta holatda totalizator va bukmeykerlik faoliyatini reklama qilish holati aniqlangan va 10 dan ortiq totalizator va bukmeykerlik reklamasini noqonuniy ravishda yurituvchi saytlarga kirish cheklab qoʻyilgan.
Shu bilan birgalikda, notoʻgʻri reklama oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli isteʼmolchiga 104 mln soʻm miqdorda yetkazilgan ziyon toʻliq hajmda qoplanib berilgan.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan reklamalarning 2 750 tasida qonun buzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilishi taʼminlangan.