2020-yil boshidan beri yaʼni koronavirus pandemiyasi davrida buyon amerikalik milliarderlarning umumiy boyligi $1,8 trln dan koʻproqqa oʻsdi. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi.
Shu bilan birga, SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Mask eng boy kishiga aylangan holda Bill Geyts va Uorren Baffetning boyligidan ham koʻproq boyib ketdi.
2020-yilning 1-yanvarida amerikalik milliarderlarning boyligi $3,4 trln ni tashkil qilgandi. Hozir esa bu koʻrsatkich deyarli $5,3 trln ga yetdi.
Forbesning taʼkidlashicha, badavlat kishilarning boyligi qimmatli qogʻozlar bozorining oʻsishi fonida sezilarli darajada oshdi.
S&P 500 indeksi (qimmatli qogʻozlari AQSh fond birjalarida sotiladigan 500 ta eng qimmat kompaniyani birlashtirgan) 2020-yil boshidan buyon 45% ga oʻsdi, Dow Jones sanoat indeksi esa 27% ga oʻsgan.
Boylik oʻsishining yarmidan koʻpi 20 kishi hissasiga toʻgʻri keladi. Jumladan:
- Dunyoning eng boy odami Ilon Mask hisobot davrida boyligini $293,7 mlrd ga oshirdi;
- Amazon asoschisi Jeff Bezosning boyligi $86,2 mlrd ga, kompaniya aksiyalari esa 88% ga oshdi;
- Oracle asoschisi Larri Ellison $65,8 mlrd ishlab topishga muvaffaq boʻldi;
- Google asoschisi Larri Peyj ham $65,8 mlrd ishlab topdi, kompaniyaning qimmatli qogʻozlari esa 120% ga oʻsdi;
- Google-ning yana bir asoschisi Sergey Brinning “choʻntagiga” $63,3 mlrd qoʻshildi.
Avvalroq Tesla asoschisi Ilon Maskning kapitali $300 mlrd ga yetgani maʼlum boʻlgan edi. Oktyabr oyida Tesla-ning bozor qiymati ilk bor $1 trln dan oshdi.